Namanganda Xitoy tajribasi asosida sanatoriy va dam olish maskanlari quriladi

Namangan viloyati va Lyanyungan shahri o‘rtasida hamkorlik hujjati imzolandi.
Sputnik
TOShKENT, 3-iyul — Sputnik. Namangan va Lyanyungan o‘rtasida "Qardosh hududlar" memorandumi imzolandi, deya xabar berdi viloyat hokimligi axborot xizmati.
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi delegatsiya Xitoyda bo‘lib turibdi. Lyanyungan shahar partiyasi bosh kotibi Ma Shiguan bilan bo‘lib o‘tgan muzokarada hududlararo savdo-iqtisodiy, investitsion hamda turizm sohalarida aloqalarni o‘rnatish ikki tomon uchun ham manfaatli ekani ta’kidlandi.
“Lyanyungan shahri tadbirkorlari allaqachon Namanganni bilishadi, joriy yil aprel oyida viloyatda o‘tkazilgan Namangan-Xitoy investitsion forumida ushbu shaharning 50 nafarga yaqin investorlari ishtirok etgan. O‘zaro muloqotda ta’kidlandiki, Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi mavjud turizm sharoitlari shu yo‘nalishda hamkorlik o‘rnatishga keng imkoniyat beradi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Lyanyunganda mavjud sihatgoh, sanatoriylar hamda dam olish maskanlari tajribasi Chortoq tumanida tadbiq etiladigan bo‘ldi.

“Muzokaralar yakuni bilan Namangan va Lyanyungan o‘rtasida "Qardosh hududlar" memorandumi imzolandi”, — deya qayd etilgan xabarda.

Delegatsiya, shuningdek, Shandong provinsiyasi Tianjin shahrida bo‘ldi. U yerda gulchilik bilan shug‘ullanuvchi kompaniya faoliyati bilan tanishildi. O‘zaro muloqot yakunida bu borada bir qator kelishuvlarga erishildi.