O‘zbekiston va YeOII

YeIK raisi va ShHT bosh kotibi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi — bildirilgan takliflar

Uchrashuvda YeOII mamlakatlari va ShHT o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 3-iyul — Sputnik. Ostonada Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) raisi Baxitjan Sagintayev va Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) bosh kotibi Chjan Min o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar kelgusidagi hamkorlik masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashishdi, deya xabar berdi YeIK matbuot xizmati.
Uchrashuvda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) va ShHT kotibiyati o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv memorandumi doirasida YeOII mamlakatlari va ShHT o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdi.
Suhbat chog‘ida Baxitjan Sagintayev bugungi kunda memorandumni amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar rejasini tayyorlash ishlari yakunlanayotganini aytib o‘tdi. Shu munosabat bilan u hujjat imzolanishini joriy yilning kuzida Armanistonda bo‘lib o‘tadigan Yevroosiyo iqtisodiy forumi doirasida tashkil etishni taklif qildi.
YeOII–ShHT formatida keyingi hamkorlik imkoniyatlari haqida gapirilganda, YeIK rahbari Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlarining mintaqada xalqaro transport yo‘laklari, multimodal va konteyner tashuvlari, yuk tashishni raqamlashtirishni rivojlantirishdan manfaatdorligini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan Bakitjan Sagintayev qo‘shma yondashuvlarni ishlab chiqishni tezlashtirish, yaqin kelajakda ShHTga a’zo mamlakatlar transport vazirlari va YeOII davlatlarining transport sohasidagi vakolatli organlari rahbarlari kengashining qo‘shma majlisini o‘tkazishni taklif qildi.
Tomonlar, shuningdek, ShHT shtab-kvartirasida “YeOII kunlari”ni o‘tkazish bo‘yicha YeIK tashabbusini ko‘rib chiqishdi.

“Ushbu tadbir ishbilarmon doiralar vakillarining e’tiborini tortishi shubhasiz. Tajriba va eng yaxshi amaliyot almashish mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonaman”, – dedi Sagintayev.

O‘z navbatida Chjan Min zamonaviy jahon arxitekturasida ShHT va YeOII o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir omili tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Iqtisodiy masalalar bo‘yicha amaliy tajriba almashishga urg‘u berilgan integratsion muloqot Katta Yevroosiyo rivojlanishi uchun qulay va bashorat qilinadigan shart-sharoitlarni ta’minlashga qaratilgan.