TOShKENT, 2-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda 200 ta mikroGES quriladi. Bu haqda “O‘zbekgidroenergo” AJ xususiy investorlar tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Avazbek Zokirov ma’lum qildi.
GESlar Farg‘ona, Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida paydo bo‘lishi mumkin. Qurilishni xususiy sektor ishtirokida amalga oshirish rejalashtirilgan.
Press-konferensiya AO "Uzbekgidroenergo"
© Sputnik/Elina Beknazarova
“Loyihalarni amalga oshirish uchun yerlarni tadbirkorlarga 20-yil muddatga ijaraga berish tizimi joriy etiladi. Bundan tashqari, mikroGES ishga tushirilgandan so‘ng tadbirkor 10-yil muddatga mol-mulk solig‘idan ozod qilinadi, belgilangan tarif bo‘yicha ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasi esa davlatga 3 baravar qimmat 1 350 so‘mga sotilishi mumkin”, – dedi “O‘zbekgidroenergo” boshqarma boshlig‘i Avazbek Zokirov.
Bu jamiyat tasarrufidagi energiya hosil qiluvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqilgan elektr energiyasi tannarxiga nisbatan qariyb 3 (2,7) baravar qimmatga sotish imkoniyatini beradi.
Bugungi kunga qadar kimoshdi savdolari orqali 60 ga yaqin mikro va kichik GES loyihasining xususiy tashabbuskorlari aniqlandi. Ularning 30 tasida qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.
“O‘zbekgidroenergo” tomonidan umumiy quvvati 12,5 MVt bo‘lgan 22 ta mikro va kichik GES loyihalari ishga tushirildi. Jumladan, shu yilning birinchi yarim yilligida umumiy quvvati 9,5 MVt bo‘lgan 9 ta loyiha ishga tushirildi. Yil yakuniga qadar yana umumiy quvvati 15 MVt bo‘lgan 10 ta mikroGES loyihalarini ishga tushirish rejalashtirilgan.
MikroGES – juda oz miqdordagi resurslar evaziga atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatmaydigan elektr energiyasini ishlab chiqish texnologiyasidir. O‘rnatilgan quvvatidan kelib chiqib bir-nechta xonadon, kichik sex yoki mahallaning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga yetarli bo‘ladi (quvvatiga ko‘ra yanada ko‘proq elektr energiya ishlab chiqarishi mumkin). Har qanday mikroGES ishlashining asosiy omili bu – gidrostatik bosim hamda suv sarfi.