TOShKENT, 30-iyun — Sputnik. O‘zbekistonning 70 foizdan ortiq aholisi Telegram’dan foydalanadi, deya ma’lum qildi Pavel Durov.
“Bu hafta men O‘zbekistonga tashrif buyurdim va u yerdan juda zavq oldim. O‘zbekiston Telegram’ni yaxshi ko‘radi: mamlakatdagi 37 million aholining 70 foizdan ortig‘i Telegram’da va ularning butun iqtisodiyoti bizning platformamizda boshqariladi (mamlakatdagi har bir biznes Telegram boti yoki kanaliga ega). Biz bu mashhurlikdan faxrlanamiz va bunga javoban O‘zbekistonni yana sevamiz”, — deb yozadi u.
Uning qayd etishicha, O‘zbekistonga safar davomida tez rivojlanayotgan Toshkentning zamonaviy infratuzilmasi, Sharqiy O‘zbekistonning tog‘li landshaftlari, Buxoro va Samarqandning boy tarixi uni hayratda qoldirdi.
“Men ko‘plab yosh va iqtidorli, qalbi yaxshi odamlarni uchratdim. Men samimiy qabul uchun minnatdorman va shu yil oxirida quyoshli Toshkentda ko‘proq qolishga umid qilaman”, — deya qo‘shimcha qilgan Durov.
Eslatib o‘tamiz, Telegram asoschisi hafta boshida akasi bilan O‘zbekistonga kelgandi. Otabek Umarov o‘zbekistonliklar uchun Telegram shunchaki messenjerdan kattaroq narsa ekanini ta’kidlagan.
“Biz uning (Telegram – tahr.) yordamida yaqinlarimiz bilan doim aloqada bo‘lish bilan birga, yangiliklardan xabardor bo‘lamiz, ishlarni yuritamiz, kerakli tovar va xizmatlarni topamiz”, — deydi Umarov.
Shuningdek, u Pavel va uning yaqinlarini mehmondo‘st O‘zbekiston zaminida qabul qilish haqiqiy sharaf ekanini qo‘shimcha qilgan.
Avvalroq Pavel Durov Markaziy Osiyoga “u yerda hayot qanday kechayotganini ko‘rish, odamlar "Telegram"dan qanday foydalanishi va ularning raqamli ehtiyojlarini o‘rganish uchun” borishini ma’lum qilgan edi. U O‘zbekistondan avval Qirg‘izistonga ham tashrif buyurdi.