BMT bosh kotibi O‘zbekistonda kutib olindi

Antoniu Guterrishni bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi.
Sputnik
TOShKENT, 30-iyun — Sputnik. Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) bosh kotibi Antoniu Guterrish O‘zbekistonga keldi, deya xabar berdi mamlakat bosh vaziri matbuot kotibi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish O‘zbekistonga keldi

“Antoniu Guterrish prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi. Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi”, — deyiladi xabarda.

Qisqa suhbatdan so‘ng BMT bosh kotibi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri hamrohligida o‘zi uchun ajratilgan qarorgohga jo‘nab ketdi.
Eslatib o‘tamiz, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish 30-iyun - 1-iyul kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatda bo‘ladi. Oliy martabali mehmonning tashrifi doirasida Toshkentda oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Kun tartibidan O‘zbekistonning BMT va uning institutlari bilan ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari, shuningdek, global siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari o‘rin olgan.