Talabalar suratga olgan qisqa metrajli filmlar premyerasi bo‘lib o‘tdi

Tadbirda BDKI Toshkent filiali talabalari tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar namoyish etildi.
Sputnik
TOShKENT, 29-iyun — Sputnik. Butunrossiya davlat kinematografiya instituti (BDKI) Toshkent filiali talabalari tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar premyerasi o‘tkazildi.

Ma’lumot uchun, 2023-yilning 19-sentabrida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda BDKIning Toshkentdagi filiali talabalari tomonidan suratga olinadigan qisqa metrajli filmlar uchun ssenariylar tanlovi o‘tkazilgan edi. Unda g‘olib deb topilgan 5 ta loyiha bo‘yicha filmlarni ishlab chiqarish uchun vazirlik tomonidan grant mablag‘i ajratilgan.
V Tashkentskom filiale VGIK sostoyalas premyera filmov molodix rejisserov
Ushbu loyiha talabalarning nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash, kino maydonlarida o‘zlarining tajriba va malakalarini oshirish, ijodiy faoliyat bilan bevosita shug‘ullanishlariga sharoit yaratib berish orqali kinematografiya sohasida istiqbolli kadrlarni yetishtirib chiqarishga qaratilgan.
Tadbirda BDKIning Toshkent filiali talabalari tomonidan suratga olingan "Konduktor", "Bezori" va "Kimono" nomli qisqa metrajli filmlarning ilk premyeralari tashkil etildi.

Premyeradan so‘ng filmlarning g‘oyasi, ijodkorlarning yutuq va kamchiliklari muhokama qilindi. Shuningdek, "Konduktor" qisqa metrajli filmining operatori Umid Malikov “Eng yaxshi operatorlik ishi”, "Bezori" qisqa metrajli filmi rejissori Mo‘minjon Ismatillo “Eng yaxshi rejissorlik ishi” va "Kimono" qisqa metrajli mualliflari Sanjar Murodshayxov va Doniyor G‘aniyevlar “Eng yaxshi ssenariy mualliflari” sifatida e’tirof etildi.

Namoyishda O‘zbekiston oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov, Rossotrudnichestvoning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Irina Staroselskaya, O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasi direktori Kamola Akilova hamda BDKI filiali direktori Eldor Yuldashevlar ishtirok etib, loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirgan talabalarni tabrikladilar.
V Tashkentskom filiale VGIK sostoyalas premyera filmov molodix rejisserov