FVV tog‘li hududlarda sel kelish xavfi haqida ogohlantirdi

Shuningdek, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida suv to‘planishi va suv bosishi holatlari kuzatilishi mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 29-iyun — Sputnik. Tog‘li hududlarda 30-iyundan 1-iyulgacha yomg‘ir yog‘ishi kutilayotgani sababli, tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel va suv toshqinlari sodir bo‘lishi mumkin, deb xabar qilmoqda FVV Gidrometeorologiya xizmatiga asosan.

Jumladan:
Surxondaryo viloyati: Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Muzrobot tumanlarida;
Toshkent viloyati: Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rtachirchiq, Yuqorichirchiq tumanlarida va Angren, Olmaliq shaharlarida;
Namangan viloyati: Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida;
Farg‘ona viloyati: So‘x, Shohimardon, Farg‘ona, Beshariq tumanlarida;
Andijon viloyati: Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlarida va Xonabod shahrida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Ushbu munosabat bilan vazirlik tog‘li hududlarda yashovchi fuqarolarni, dam oluvchilarni hamda ushbu hududlarda harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlarini so‘raydi.
Respublikaning Surxondaryo, Toshkent viloyatlari va Farg‘ona vodiysi bo‘yicha yomg‘ir suvlari to‘planishi ehtimoli bor, bu esa hududlarni suv bosishiga olib kelishi mumkin.