DXX xorij fuqarolari tashkil etgan narkolaboratoriyani fosh qildi

Toshkent shahri va viloyati hududiga xorijdan olib kelinib sotishga tayyorlangan katta miqdordagi narkotik moddalar savdosining oldi olindi.
Sputnik
TOShKENT, 28-iyun — Sputnik. DXX va IIV hamkorligida Toshkent viloyatida Ukraina va Ozarbayjon fuqarolari tomonidan tashkil etilgan narkolaboratoriya fosh qilindi.

Xususan, Yuqori Chirchiq tumanida Ukraina va Ozarbayjon fuqarolari vaqtincha istiqomat qilayotgan xonadondan 411 gr. “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasi hamda 7 kg. ga yaqin yarim tayyor narkotik moddalar va 237 kg. prekursorlar borligi aniqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, chet el fuqarolari ushbu manzilda yashirin narkolaboratoriya tashkil etib, xorijdan keltirilgan xom-ashyolar yordamida sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash va sotish bilan shug‘ullanishgan.
Yana bir holat Sergeli tumanida qayd etilgan. U yerda qo‘shni respublikadan yo‘lovchi tashuvchi avtobus orqali yuborilgan 4,799 kg. “Alfa-PVP” sintetik narkotikni qabul qilib olayotgan vaqtda mazkur tumanda yashovchi fuqaro qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, u “Telegram” messenjerida faoliyat yurituvchi narkodo‘kon uchun ombor vazifasini bajarib kelgan.
Boshqa holatda esa Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi shaxs o‘zining yashash xonadoni yaqinida joylashgan elektr transformatori ostiga kelgusida sotish maqsadida 584 gr. gashish moddasini yashirib qo‘yganligi aniqlangan.
Mazkur fuqaro “Telegram” messenjerida narkodo‘kon tashkil qilib, xorijdan olib kelingan giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan.
Hozirda uchala holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Qonunbuzarlarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.