O‘zbekiston Xitoy bilan Orolbo‘yida laboratoriya ochadi — tafsilotlar

Laboratoriya Orolbo‘yida yashil texnologiyalarini tadqiq qilish bilan shug‘ullanadi.
Sputnik
TOShKENT, 27-iyun — Sputnik. Orolbo‘yida yashil texnologiyalarni yaratish va tadqiq qilish bo‘yicha qo‘shma laboratoriya tashkil etiladi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Orolbo‘yi xalqaro innovatsion markazi olimlaridan iborat delegatsiya Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatiga tashrif buyurdi.

“Tashrif davomida Orolbo‘yi xalqaro innovatsion markazi direktori Baxitjon Habibullayev va Shinjon ekologiya va geografiya instituti bosh direktori o‘rtasida “Orolbo‘yida yashil texnologiyalarini tadqiq qilish, ishlab chiqish va namoyish etish bo‘yicha qo‘shma laboratoriya” tuzish bo‘yicha shartnoma imzolandi”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, qurg‘oqchil hududda joylashgan Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumani va Orol dengizi mintaqasi ham xuddi shunday ekologik muammolarga duch kelmoqda.
Laboratoriya Orolbo‘yida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, ekologik tiklanish, suv resurslarini boshqarish va qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini oshirish sohalarida ilmiy almashinuv va innovatsion hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
“Ushbu laboratoriya Xitoy va Markaziy Osiyoning ekologiyani tiklash, yuqori samarali suvni tejaydigan qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, suv resurslaridan barqaror foydalanish va biologik xilma-xillikni saqlash kabi muhim sohalarda tajribasi va texnologiyasidan foydalanadi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, olimlar Orolbo‘yining yashil va barqaror rivojlanishiga yo‘naltirilgan har tomonlama ekologik tiklash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Ma’lumot uchun, avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Orolbo‘yi xalqaro innovatsiyalar markazi negizida “yashil” bilim va yechimlar uchun ilmiy-axborot platformasini yaratish zarurligini ta’kidlagan edi.
Bu yo‘nalishda markaz ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, cho‘llanishga qarshi kurashish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha turli loyihalarni amalga oshirib, xorijiy hamkorlar, dunyoning turli mamlakatlaridagi ilmiy-tadqiqot institutlari bilan ko‘p bosqichli hamkorlik aloqalarini o‘rnatmoqda.
Orol dengizining qurigan tubiga yangi turdagi o‘simliklar ekilmoqda