TOShKENT, 27-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan mamlakatda bo‘lib turgan Turkiya milliy mudofaa vaziri Yashar Guler boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Uchrashuv avvalida Turkiya mudofaa idorasi rahbari O‘zbekiston yetakchisiga prezident Rejep Tayyip Erdog‘anning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
“O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, jumladan, yaqin idoralararo aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma tadbirlar tashkil etish, harbiy mutaxassislarni tayyorlash va boshqa masalalar muhokama qilindi”, — deyiladi xabarda.
Xavfsizlik sohasida, terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashishda hamkorlikni mustahkamlash va muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi.