TOShKENT, 22-iyun — Sputnik. Kecha, 21-iyun kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Mo‘g‘ulistonning O‘zbekistondagi elchisi etib tayinlangan Daadanxuu Batbaatarning ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildi. Bu haqda Saidov Telegram kanalida xabar berdi.
Uchrashuv kun tartibidan oliy darajadagi bo‘lajak uchrashuvlar, iqtisodiy diplomatiyani faol ilgari surish, qo‘shma istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish, barcha sohalarda yaqin hamkorlikni rivojlantirish masalalari o‘rin oldi.
“Janob elchiga O‘zbekistondagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaymiz”, - deb yozadi Saidov.
Eslatib o‘tamiz, Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan 23-26 iyun kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi.