TOShKENT, 22-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasidagi islohotlar jadallashtiriladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar berdi.
“Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasidagi islohotlarni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, davlat muassasasi shaklida “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi tashkil etiladi.
Loyiha ofisi har oyda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasini isloh qilish holati, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, islohotlarni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan omillar va ularni bartaraf etish yo‘llari to‘g‘risida prezident Administratsiyasiga axborot kiritib boradi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Loyiha ofisi tomonidan:
2024 yilda:
meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari sifatini tekshirish va eksport ulushini oshirish uchun Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida xalqaro talablarga mos bo‘lgan 3 ta zamonaviy laboratoriya tashkil etish choralari ko‘riladi.
2024/2025 o‘quv yilidan:
agrar sohadagi oliy ta’lim muassasalari talabalari bilimini, pedagoglarining malakasini oshirish hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy xodimlari faoliyatini xalqaro tajribalar asosida baholash tizimi takomillashtiriladi;
Toshkent davlat agrar universitetida ta’lim yo‘nalishlari bosqichma-bosqich xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.
Loyiha ofisiga tegishli vazirlik va idoralar, ularning tizimidagi muassasalar, ilmiy-tadqiqot muassasalarining tajribali mutaxassislarini bozor konyunkturasidan kelib chiqib, shartnoma asosida Loyiha ofisi faoliyatiga jalb qilish huquqi beriladi.