TOShKENT, 22-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlari oshiriladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar berdi.
“Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasi joriy etiladi.
Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimining ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
aholi va davlat xizmatchilarining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirish, yosh avlod ongiga halollik qadriyatlarini singdirish;
korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan davlat xizmati lavozimlaridagi xodimlarning bilim, ko‘nikma va malakalarini doimiy ravishda oshirib borish;
davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini baholash va sertifikatlash hamda sertifikat olgan davlat xizmatchilarining reyestrini yuritish;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi milliy va xorijiy tajriba, ilmiy, uslubiy va amaliy ishlanmalar, erishilgan yutuqlar bo‘yicha elektron ma’lumotlar bazasini yuritish;
korrupsiyaga qarshi kurashishning dolzarb muammolari yuzasidan ilmiy-tadqiqot dasturlari va loyihalarini, shu jumladan, milliy, xorijiy va xalqaro grantlarni jalb qilgan holda amalga oshirish.