Rossiya bilan $ 22 milliardlik loyihalar amalga oshirilmoqda — energetika vaziri

Rossiya bilan O‘zbekistonga neft va gaz yetkazib berish va konlardan foydalanish borasida hamkorlik qilinmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 21-iyun – Sputnik. Eneregetika sohasida Rossiya bilan 22 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda, dedi O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Ostonada bo‘lib o‘tgan ShHT energetika vazirlari yig‘ilishida.

"Rossiya kompaniyalari bilan hamkorlikda energetika sohasida umumiy qiymati 22 milliard dollar bo‘lgan loyihalarini amalga oshirmoqda, shundan 12 milliard dollari allaqchon o‘zlashtirildi. Ulardan beshtasi — mahsulot taqsimoti asosida kelishuvlar doirasida", — dedi Mirzamahmudov.

Xususan, "Lukoyl" va "Gazprom" ushbu loyihalar doirasida 10,7 milliard dollarlik sarmoyalar amalga oshirishdi va 130 milliard kub metr tabiiy gaz qazib olishdi.
Shuningdek, Rossiya investorlari ishtirokida Surxondaryo viloyatida “Mustaqillikning 25-yilligi” koni o‘zlashtirilmoqda. U yerda quvvati 5 mlrd. m3 bo‘ligan gazni qayta ishlash majmuasi qurilmoqda. Mazkur loyiha doirasida 1,3 milliard dollar investitsiyalar o‘zlashtirilgan bo‘lib, mexanik ishga tushirish muddati 2024-yilning noyabr oyida rejalashtirilgan.
Undan tashqari, vazir O‘zbekistonda Rossiyaning "Lukoyl" va "Tatneft" yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i kengaytirilayotgani va Rossiyadan gaz, neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish yo‘lga qo‘yilganini ham aytib o‘tdi.