O‘zbekiston chiqindi gazlarni kamaytirgani uchun "uglerod moliya"si olgan birinchi davlat bo‘ldi

Jahon banki O‘zbekistonga chiqindi gazlarini kamaytirgani uchun 7,5 million dollar “uglerod moliyasi” to‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 21-iyun — Sputnik. O‘zbekiston energiya sohasida emissiyalarni kamaytirish bo‘yicha Jahon bankidan samaradorlik uchun to‘lov olgan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi.

Xususan, Jahon banki iCRAFT loyihasi doirasida 500 ming tonna karbonat angidrid gazi chiqindilarini muvaffaqiyatli qisqartirish uchun O‘zbekistonga 7,5 million dollar miqdorida grant ajratdi. O‘zbekistn natijalari uchinchi tomon tomonidan xolis tasdiqlangan.

"Umid qilamizki, ushbu pilot loyiha milliy iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida ham islohotlar o‘tkazish uchun namuna bo‘lishi, shuningdek, dunyoning boshqa mamlakatlarida ham shunday amaliyotni joriy etishda namuna bo‘lib xizmat qiladi”, - dedi JBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.
Shu bilan birga, O‘zbekiston hukumati ushbu mablag‘larning bir qismini elektr va gaz narxlarining so‘nggi oshishi natijasida farovonligi yomonlashgan oilalarga moliyaviy yordam ko‘rsatish uchun ishlatish majburiyatini oldi.

Bundan tashqari, loyiha mablag‘lari O‘zbekistonning yashil iqtisodiyotga o‘tish va energetika sohasini isloh qilish bo‘yicha davlat dasturini amalga oshirishga hissa qo‘shadi.