TOShKENT, 20-iyun — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin ikki davlat o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik va qardoshlik munosabatlarini rivojlantirishdagi ulkan xizmatlari uchun KXDRning oliy mukofoti – Kim Ir Sen ordeni bilan taqdirlandi. Bu haqda RIA Novosti Shimoliy Koreyaning “Koreya ovozi” radiosiga tayanib xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, taqdirlash marosimi 19-iyun kuni bo‘lib o‘tgan.
“Koreya Mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasi, Davlat kengashi va KXDR Oliy xalq yig‘ilishi Prezidiumi Rossiya prezidenti Vladimir Vladimirovich Putinni KXDRning oliy ordeni – Kim Ir Sen ordeni bilan taqdirlash to‘g‘risida qaror qabul qildi", — deb xabar berdi radio.
Qayd etilishicha, ushbu orden Putinga KXDR va Rossiya o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik munosabatlarini strategik sheriklik va buzilmas ittifoqchilik munosabatlariga ko‘tarish va rivojlantirishdagi ulkan xizmatlari hamda Koreya-Rossiya do‘stligining yangi sahifasini ochgani uchun berilgan.
Kim Ir Sen ordeni 1972-yilda uning oltmish yoshga to‘lishi munosabati bilan uning o‘g‘li Kim Chen Ir taklifi bilan Kimirsen mukofoti bilan bir vaqtda ta’sis etilgan. Kim Chen Irning o‘zi ham uch marta: 1978, 1982 va 1992-yillarda ushbu orden bilan taqdirlangan.
Orden bilan muassasa va tashkilotlar, xususan, Kim Ir Sen universiteti kabi ta’lim muassasalari, “Nodong Sinmun” va STAK kabi ommaviy axborot vositalari, Pxenyan elektrovoz zavodi kabi sanoat korxonalari ham taqdirlanadi.
Eslatib o‘tamiz, Vladimir Putin Kim Chen Inning taklifiga binoan 18-19 iyun kunlari KXDRda davlat tashrifi bilan bo‘ldi.