TOShKENT, 19-iyun — Sputnik. Rossiya va Shimoliy Koreya yetakchilari Vladimir Putin va Kim Chen In Pxenyanda keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma imzoladi, deya xabar berdi RIA Novosti.
Rossiya prezidenti mazkur hujjatni fundamental deb atadi va u uzoq yillar davomida ikki davlat munosabatlarining asosini tashkil etishini qayd etdi.
Yangi shartnoma asosiy hujjatlar – 1961-yildagi Do‘stlik va o‘zaro yordam shartnomasi, 2000-yildagi Do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma, shuningdek, 2000 va 2001-yillardagi Moskva va Pxenyan deklaratsiyalari o‘rnini egallaydi.
Rossiya prezidentining xalqaro masalalar bo‘yicha yordamchisi Yuriy Ushakovning xabar berishicha, yangi hujjatning paydo bo‘lishi so‘nggi paytlarda geosiyosiy vaziyatdagi o‘zgarishlar va ikki tomonlama munosabatlardagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Shartnoma Shimoliy-Sharqiy Osiyoda barqarorlikni oshirishga qaratilgan.
Bundan tashqari, Putin va Kim Chen In o‘zaro sovg‘alar almashishdi. Ushakov xabariga ko‘ra, Shimoliy Koreya yetakchisiga “Aurus” avtomobili, admiral xanjari va choy servizi sovg‘a qilindi. Putinga o‘z surati tasvirlangan bir nechta san’at asarini taqdim etildi.
Muzokaralar delegatsiyalar ishtirokida bir yarim soatdan ortiq, yuzma-yuz formatida esa ikki soatga yaqin davom etdi. Uchrashuv “Kimsusan” davlat qarorgohida bo‘lib o‘tmoqda.
Rossiya Federatsiyasi va KXDR o‘rtasida imzolangan keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma ishtirokchilardan biriga tajovuz sodir bo‘lgan taqdirda o‘zaro yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi, dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin KXDR davlat ishlari bo‘yicha raisi Kim Chen In bilan muzokaralar yakunlari haqida.
Shu nuqtayi nazardan, Rossiya rahbari AQSh va boshqa NATO davlatlarining Rossiya hududiga zarba berish uchun yuqori aniqlikdagi uzoq masofaga uchuvchi qurol tizimlari, F16 samolyotlari va shunga o‘xshash boshqa qurol-yarog‘ va jihozlar yetkazib berish haqidagi bayonotlariga e’tibor qaratdi.
"Bu nafaqat bayonot, balki allaqachon sodir bo‘layotgan jarayon va bularning barchasi G‘arb davlatlari tomonidan turli xil xalqaro majburiyatlar doirasida o‘z zimmalariga olgan cheklovlarni qo‘pol ravishda buzishdir", – deb ta’kidladi Putin.
Rossiya Federatsiyasi va KXDR o‘rtasida sog‘liqni saqlash, tibbiyot ta’limi va ilm-fan sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim imzolandi, deya xabar beradi Kreml sayti.
Rossiya va KXDR o‘rtasida Tumannaya darosi orqali chegara avtomobil ko‘prigi qurish bo‘yicha hukumatlararo bitim ham imzolandi.
Eslatib o‘tamiz, Vladimir Putin Kim Chen Inning taklifiga binoan 18-19 iyun kunlari KXDRda davlat tashrifi bilan bo‘lib turibdi.