Xitoy Farg‘onada avtomobil ishlab chiqaradi

Xitoy investitsiyasi hisobiga Farg‘onada yirik avtomobilsozlik majmuasini barpo etadi.
Sputnik
TOShKENT, 19-iyun — Sputnik. Xitoy Farg‘ona viloyatida gaz, elektr va gibrid motorli avtomobillar hamda maxsus transport vositalari ishlab chiqaradi, deya xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi Farg‘ona viloyati rasmiylari hamda tadbirkorlaridan iborat delegatsiyasining Xitoyga tashrifi davomida "China Xiaou Group" kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazdi.

“Viloyatimiz hududida 3 bosqichda 1,5 mlrd dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xitoy investitsiyasi hisobiga yirik avtomobilsozlik majmuasini barpo etish loyihasini amalga oshirish yuzasidan memorandum imzolandi”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, o‘tkazilgan muzokaralar davomida ushbu loyihaning dastlabki bosqichida 50 mln dollar investitsiya hisobiga yig‘ish, bo‘yash, sozlash liniyalarini yo‘lga qo‘yiladi. Bunda yiliga 60 mingta gaz, elektr va gibrid motorli avtomobillar hamda maxsus transport vositalari ishlab chiqarilishi belgilandi.
Xitoy investitsiyasi hisobiga Farg‘onada yirik avtomobilsozlik majmuasini barpo etadi.
“Ikkinchi bosqichda 350 mln dollar va uchinchi bosqichda 1,1 mlrd dollar investitsiya yo‘naltirilib, butlovchi qismlarning ko‘pi mahalliylashtirilishi hamda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning soni 110 mingtaga yetkazilishi ko‘zda tutilgan”, — deya qayd etilgan xabarda.
Loyiha 5-yil davomida to‘la yakunlanishi rejalashtirilgan.
O‘zbekistonda yengil avtomobillar sotuvi kamaydi — bozordagi vaziyat qanday o‘zgarmoqda?