TOShKENT, 19-iyun — Sputnik. Buxoro viloyati Rossiyaning Rostov va Voronej viloyatlari bilan hamkorlik qiladi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi xabar berdi.
Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari Rizo Asadov boshchiligidagi delegatsiya Rostov viloyati gubernatorining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Skrabin bilan uchrashdi. Muzokarada o‘zaro teng manfaatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
“Uchrashuvda Buxoro viloyatining investitsiyaviy salohiyati yaqindan tanishtirilib, kelgusida teng manfaatli qo‘shma loyihalarni izchil amalga oshirishga kelishib olindi. Xususan, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohalarida hamkorliklarni rivojlantirish yuzasidan aniq takliflar ilgari surildi”, — deyiladi hokimlik xabarida.
Shuningdek, Buxoro viloyati delegatsiyasi Rostov viloyatining yetakchi to‘qimachilik korxonalaridan biri sanalgan “ELIS Fashion Rus” AJ faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
“Mazkur korxonaga Buxoro viloyatidan to‘qimachilik gazlamalari hamda tayyor to‘qimachilik mahsulotlari yetkazib berish yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi”, — deyiladi xabarda.
Delegatsiya a’zolari, shuningdek, Voronej viloyati gubernatori va boshqa rasmiylar bilan ham uchrashdi.
“Shu yil sentabr-oktabr oylari oxirida viloyatingizga biznes missiyasi bilan borib, manfaatli shartnomalar tuzishga, o‘z biznes loyihalarimizni amalga oshirishga harakat qilamiz", — dedi Voronej viloyati gubernatori Aleksandr Gusev.
Qolaversa, Buxoro viloyati imkoniyatlarini namoyish etish va o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun yaqin kelajakda onlayn formatda kichik biznes forumini tashkil etishga kelishib olindi.
Bundan tashqari, olib borilgan muloqotlarda Buxorodagi agrar xo‘jaliklarga Voronej viloyatidan yirik va mayda shoxli qoramollarni sotib olib parvarishlash, ijaraga yoki butunlay foydalanish huquqi bilan yer olish tartibi muhokama qilindi.