O‘zbekistondan Kuvaytga mevalar eksporti hajmi oshiriladi

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan va yetishtirilgan mahsulotlarning Kuvaytga eksporti yanada oshiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 15-iyun — Sputnik. O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston va Kuvayt kompaniyalari vakillari o‘rtasida videokonferensaloqa shaklida onlayn uchrashuvlar tashkil etildi, deb xabar berdi "Dunyo" AA.
Ularda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan va yetishtirilgan mahsulotlarning Kuvaytga eksportini yanada oshirish, qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etish, investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, Kuvaytning "KAM International Group", "Al Homaizi Food Industries" va "Star Fruits" singari yetakchi kompaniyalari va O‘zbekiston ishbilarmon doira vakillari O‘zbekistondan sanoat, gilos va shaftoli hamda quritilgan mevalar eksportini yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildilar.
Onlayn uchrashuvlar davomida, shuningdek, O‘zbekistondan ho‘l va quritilgan mevalarni Kuvaytga yetkazib berish bo‘yicha transport-logistika tizimiga ham e’tibor qaratildi.