TOShKENT, 15-iyun — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) mamlakatlari hududlari o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu haqda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) Makroiqtisodiy siyosat departamenti direktori Asqar Japparqulov “YeOII mamlakatlariga eksport – 2024. Mintaqalararo hamkorlik ssenariylari” xalqaro konferensiyasida ma’lum qildi.
Konferensiyaning yalpi majlisida so‘zga chiqqan Asqar Japparqulov YeOII doirasida o‘zaro tovar ayirboshlashning sezilarli o‘sishi va uning a’zo davlatlar hududlari iqtisodiy rivojlanishiga qo‘shayotgan hissasini ta’kidladi.
“Novosibirsk viloyati YeOII mamlakatlari bilan muvozanatli savdo profiliga ega: viloyatning umumiy savdo aylanmasining beshdan bir qismi Ittifoqdagi hamkorlar bilan amalga oshiriladi. Biroq, YeOII davlatlaridan eksport va importning yuqori o‘sish ko‘rsatkichlariga qaramay, Novosibirsk viloyati savdo hajmini oshirish uchun sezilarli salohiyatga ega. Shu maqsadda viloyatda transport va infratuzilma loyihalari amalga oshirilib, yangi ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etildi, – dedi u.
Asqar Japparqulovning so‘zlariga ko‘ra, Novosibirsk viloyati va YeOII mamlakatlari hududlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmalarini oshirishning muhim omili import tovarlardan Ittifoq mamlakatlarida ishlab chiqariladigan mahsulotlarga yo‘naltirish bo‘ladi.
Konferensiyada YeOIIning barcha mamlakatlari, shuningdek, O‘zbekiston, Tojikiston va Vyetnamdan korxonalar, kompaniyalar, banklar, rivojlanish institutlari, vakolatli davlat organlari vakillari, professional ekspertlar ishtirok etdi.