Janubiy Koreya prezidenti rafiqasi bilan O‘zbekistonga keldi

Oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Bosh vaziri va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Sputnik
TOShKENT, 13-iyun — Sputnik. Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yol rafiqasi Kim Gon Xi bilan Toshkentga keldi, deya xabar berdi O‘zbekiston bosh vaziri matbuot xizmati.
Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yol rafiqasi Kim Gon Xi bilan Toshkentga keldi

“Bugun, 13-iyun kuni, Koreya prezidenti yurtimizga tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmonni Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston bosh vaziri va boshqa rasmiylar kutib oldi”, — deyiladi xabarda.

Qisqa suhbatdan so‘ng Koreya prezidenti turmush o‘rtog‘i hamrohligida o‘zlari uchun ajratilgan qarorgohga jo‘nab ketdi.
Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yol rafiqasi Kim Gon Xi bilan Toshkentga keldi
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yol 13-15 iyun kunlari davlat tashrifi bilan respublikada bo‘ladi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Toshkentda bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston-Koreya do‘stlik va alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi.
Savdo, innovatsiyalar va texnologiyalar almashinuvi, energetika, elektronika va elektrotexnika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilmaviy rivojlanish va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari e’tibor markazida bo‘ladi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va turizm sohalaridagi qo‘shma dasturlar muhokama qilinadi.
Shuningdek, mintaqaviy, shu jumladan, "Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi" formatidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashish rejalashtirilgan. Sammit yakunlari bo‘yicha bir qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida O‘zbekiston va Janubiy Koreya prezidentlari qo‘shma biznes forumida ishtirok etishadi. Prezident Yun Sok Yol mamlakatning boy madaniy-tarixiy merosi bilan tanishish maqsadida Samarqandga tashrif buyuradi.