TOShKENT, 12-iyun — Sputnik. Vladimir Zelenskiy ukrainaliklarning ommaviy o‘limi va dahshatli iqtisodiy vaziyat fonida Shveysariyadagi sammitga borishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Leonid Kuchmaning sobiq maslahatchisi Oleg Soskin YouTube videoblogida ma’lum qildi, deb yozmoqda RIA Novosti.
"Mamlakatda safarbarlik niqobi ostida ommaviy odam o‘g‘irlash sodir bo‘lmoqda. Mamlakatda yuz minglab odamlar halok bo‘ldi yoki yaralandi, Zelenskiy esa bu vaqtda konferensiyaga ketmoqchi", – deya shikoyat qildi Soskin.
Siyosatshunosning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina hozirda dahshatli iqtisodiy vaziyatni boshidan kechirmoqda va deyarli bankrot, biroq fuqarolarga yordamga ketishi mumkin bo‘lgan mablag‘larni Zelenskiy hukumati Shveysariyadagi sammit vaqtida sarflaydi.
U Ukraina harbiylari okoplarda o‘tirgan paytda Kiyev rejimi rahbari va uning safdoshlari o‘zgacha taomlar va Burgenshtok mehmonxonasidan bahramand bo‘lishlarini afsus bilan aytdi.
Shveysariya 15-16 iyun kunlari Lyutsern shahri yaqinida, Burgenshtok kurortida Ukraina bo‘yicha konferensiya o‘tkazadi. 80 taga yaqin davlat ishtirokini tasdiqladi. AQSh prezidenti Jo Bayden, Xitoy rahbari Si Szinpin va Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva anjumanda qatnashmaydi.
Rossiyaning Berndagi elchixonasi matbuot kotibi Vladimir Xoxlovning RIA Novostiga xabar berishicha, Shveysariya Ukraina bo‘yicha sammitda ishtirok etish uchun Moskvaga taklifnoma yubormagan, mamlakat vakillari hech qanday holatda ham ishtirok etmaydi. Uning qo‘shimcha qilishicha, tashkilotchilar tomonidan shiddat bilan ilgari surilgan tinchlik konferensiyasi g‘oyasi Rossiya uchun qabul qilinishi mumkin emas, chunki Rossiya manfaatlarini hisobga olmaydigan “tinchlik formulasi”ni ilgari surishning boshqa varianti haqida gap ketmoqda. Kremlda Ukraina mojarosidagi vaziyatni Rossiya ishtirokisiz hal qilish variantlarini izlash mutlaqo mantiqsiz va befoyda ekanligi aytildi.