TOShKENT, 12-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyati kunlari bo‘lib o‘tmoqda. Shu munosabat bilan prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu madaniyat va san’at bayrami ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi.
Tabrikda qayd etilishicha, O‘zbekiston va Ozarbayjon davlatlari o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik aloqalari jadal rivojlanib, mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. O‘tgan yili Ozarbayjonda O‘zbekiston madaniyati kunlari, shu yil yanvar oyida esa O‘zbekiston fani va madaniyati kunlari yuksak saviyada o‘tkazildi.
“Biz O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan Xalqaro maqom san’ati anjumani, Baxshichilik va “Lazgi” festivallari hamda boshqa yirik madaniy tadbirlarda Ozarbayjon ijodkorlari muntazam ishtirok etib kelayotganini yuksak qadrlaymiz. Ozarbayjonda milliy mug‘om san’ati bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan an’anaviy festivalga o‘zbek san’atkorlari doimiy taklif etib borilayotgani alohida diqqatga sazovordir”, — deyiladi tabrik matnida.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda o‘tayotgan Ozarbayjon madaniyati kunlari qardosh ozar zaminida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston madaniyati kunlarining uzviy davomidir.
“Ishonchim komil, bizning san’atsevar xalqimiz orziqib kutgan ushbu madaniyat kunlari qardoshlarimizning qadimiy va boy madaniyati, san’ati, adabiyoti, milliy an’ana va qadriyatlari bilan yanada yaqinroq tanishish uchun qulay imkoniyatlar beradigan go‘zal bir anjuman bo‘ladi. Siz aziz, Ozarbayjon madaniyati kunlarining barcha ishtirokchilarini yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, yuksak ijodiy parvozlar tilayman. Sizlar ushbu madaniyat va san’at bayrami doirasida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlar bilan xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyati bilan yanada yaqinroq tanishasizlar, deb ishonaman”, — deya qayd etdi prezident.
Ozarbayjon davlat axborot agentligi xabariga ko‘ra, 11-iyun kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Muhammad Fuzuliy va Alisher Navoiy: umumiy adabiy-ma’naviy qadriyatlarimiz” mavzuyida anjuman bo‘lib o‘tadi. Shu kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Ozarbayjon burchagi ochiladi. “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida ozarbayjon shirinliklarini tatib ko‘rish mumkin bo‘ladi, shuningdek, u yerda Ozarbayjon san’at ustalari va ijodiy jamoalari ishtirokidagi gala-konsert bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyati kunlari bo‘lib o‘tmoqda.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
12 iyun kuni O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida “Ozarbayjon milliy merosi san’at durdonalarida” ko‘rgazmasi ochiladi. Shuningdek, O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutida Ozarbayjon davlat “Yug” teatrining “Men menman” spektakli namoyish etiladi.
O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyati kunlari bo‘lib o‘tmoqda.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Alisher Navoiy nomidagi Katta teatr sahnasida Ozarbayjon Davlat akademik opera va balet teatri artistlari ijrosida “Arshin mal alan” operettasi namoyish etiladi. 13-iyun kuni Toshkentdagi Ozarbayjon madaniyat markazida mashhur tarixiy romanlar muallifi Mamed Said Ordubadiyning “Qilich va qalam” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tadi.