Rossiya kunini nishonlash zarur va tarixiy jihatdan to‘g‘ri — Vladimir Putin

Vladimir Putin: butun Rossiya harbiy harakatlar ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Sputnik
TOShKENT, 12-iyun — Sputnik. Rossiya davlatchiligi og‘ir, hatto fojiali davrlarni boshidan kechirdi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin vatandoshlarini Rossiya kuni bilan tabriklash chog‘ida ma’lum qildi.
Bugun Kremlda fan va texnika, adabiyot va san’at sohalaridagi davlat mukofotlari, shuningdek, 2023-yil uchun inson huquqlari va xayriya faoliyatidagi ulkan yutuqlari uchun hamda Mehnat Qahramonlariga oltin medallarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Rossiya kuni bilan tabriklayman! Bu bizning Vatanimiz sharafiga bag‘ishlangan bayramdir. Biz uni yurtimizga hurmat, uning ko‘p asrlik tarixi, ajdodlarimiz vasiyatlari, erishgan yutuqlari va g‘alabalariga ehtirom bilan nishonlaymiz”, — dedi Rossiya yetakchisi Kremlda davlat mukofotlarini topshirish marosimida.
Putinning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya kunini nishonlash zarur va tarixiy jihatdan to‘g‘ri, chunki bu mamlakatning ming yillik yo‘lining davomiyligini anglatadi.
“Rossiya davlatchiligi juda ko‘p og‘ir, hatto fojiali davrlarni boshidan kechirdi, lekin xalqimiz har doim barcha qiyinchilik, to‘siq va musibatlarni yengib o‘tdi, vatanning ulug‘vorligini yaratdi va oshirdi”, — deya qayd etdi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugun mamlakat uchun og‘ir damlarda vatanparvarlik, Vatan taqdiri uchun mas’uliyat barchani yana bir bor birlashtirdi.

“Bu tuyg‘ular har birimizga yaqin va azizdir, ular maxsus harbiy operatsiya ishtirokchilari uchun ishonchli tayanch bo‘lib xizmat qiladi”, — dedi Rossiya prezidenti.

Uning ta’kidlashicha, butun Rossiya harbiy harakatlar ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlaydi.
"Mamlakatimiz oldida turgan keng ko‘lamli muammolarni faqat birgalikda hal qilish mumkin. Va bu yerda iste’dodli, aqlli, muvaffaqiyatli odamlarning shaxsiy namunasi katta rol o‘ynaydi, ular umumiy manfaat uchun qo‘lidan kelganini qilishga tayyor. Vatan taqdiriga bunday daxldorlik, kasbiga sadoqat, tinim bilmay olg‘a intilish har biringizga xosdir", — deya xulosa qildi u.