Elektromobilni xonadonda quvvatlashni rag‘batlantiradigan tungi tarif joriy qilinadi

Ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar atrofida 22 kilovattgacha, xonadonda 7 kilovattgacha zaradlash stansiyasi o‘rnatish mumkin bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 11-iyun — Sputnik. Endilikda elektromobilni xonadonda quvvatlashni rag‘batlantiradigan tungi tarif joriy qilinadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Shavkat Mirziyoyev raisligida energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda energetika sohasi obyektlari kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda energetikaning resurs bazasini mustahkamlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Barcha generatsiya manbalari hisobidan joriy yilda 4 gigavattlik elektr stansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 850 kilometr magistral tarmoq va 9 ta podstansiyani kapital ta’mirlash, 595 kilometr elektr tarmog‘i va 4 ta yangi podstansiyani ishga tushirish rejalari belgilab olindi.
Issiqlik elektr stansiyalari barqaror ishlashi, aholi va ijtimoiy soha ehtiyojlari uchun joriy yilda ko‘mir qazib chiqarish hajmini yanada oshirish zarurligi qayd etildi. Bundan tashqari, mazut va ko‘mir ikki yilga boj to‘lovlaridan ozod qilinishi, ko‘mir importi uchun uch yil muddatga revolver kreditlar berilishi belgilandi.
“Oktabr-dekabr oylarida iste’molchilarga 163 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish topshirildi. Shuningdek, viloyat hokimlariga 300 dan ziyod olis mahalla uchun ko‘mir, suyultirilgan gaz va asosiy turdagi oziq-ovqat zaxirasini yaratishga topshiriq berildi”, — deyiladi xabarda.
Kuz-qish mavsumida aholini issiqlik va ichimlik suvi bilan kafolatli ta’minlash uchun qozonxona va issiqlik tarmoqlarini yaxshilash, suv tarmoqlari va nasoslarni ta’mirlash vazifalari belgilab olindi.
Yig‘ilish davomida tarmoq va hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.
Qayd etilishicha, elektromobillar soni oxirgi uch yilda 10 karra oshib, 35 mingtaga yetdi. Jizzaxda elektromobil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Shu munosabat bilan elektr tizimini rivojlantirishda yangi zaradlash quvvatlarini hisobga olish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
“Endilikda elektromobilni xonadonda quvvatlashni rag‘batlantiradigan tungi tarif joriy qilinadi. Quvvatlash uskunasiga hisoblagich o‘rnatgan aholiga tungi vaqtda quvvatlaganlik uchun arzon tarif qo‘llanadi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Shuningdek, ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar atrofida 22 kilovattgacha, xonadonda 7 kilovattgacha zaradlash stansiyasi o‘rnatish mumkin bo‘ladi. Davlat tashkilotlari, savdo markazi, mehmonxona va dam olish maskanlari avtoturargohida quvvatlash stansiyasi o‘rnatiladi.