O‘zbekistonda yangi o‘quv yili uchun 1-sinfga qabul sanasi ma’lum bo‘ldi

1-sinfga qabul jarayonlari 2 bosqichda amalga oshiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 10-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda 2024-2025 o‘quv yili uchun 1-sinfga qabul 20-iyundan boshlanadi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 1-sinfga qabul jarayonlari 2 bosqichda amalga oshiriladi.
1-Bosqich: 20-iyundan 31-iyulgacha mikro-hudud doirasida;
2-Bosqich: 1-avgustdan 15-avgustgacha mikro-hududdan tashqarida.
1-sinfga qabul jarayonlari 43 ta hududlarda elektron shaklda davlat xizmatlari orqali amalga oshiriladi. Bunda ota-onalar 20-iyundan boshlab elektron platforma orqali ro‘yxatdan o‘tib, ariza topshirishlari mumkin.
Davlat xizmatlari ko‘rsatilmaydigan hududlarda 1-sinfga qabul qilingan o‘quvchilar vazirlik elektron tizimiga kiritiladi.
Ma’lumot uchun, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, bolalar 7 yoshga to‘ladigan yilda maktabga qabul qilinadi. Bu yil 1-sinfga 2017-yilning 31-dekabriga qadar tug‘ilgan bolalar qabul qilinadi. Elektron qabul jarayonlari yuzasidan vazirlik koll-markazining 71-203-07-04 raqami yoki telegramdagi @mymaktab_uz rasmiy kanali orqali qo‘shimcha ma’lumot olish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, yil boshida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi O‘zbekistonda “Qizil” toifaga kiritilgan maktablar soni 1 526 tadan 404 ta kamaytirilgani xaqida ma’lum qilgan edi. 2023-yilda umumta’lim maktablari soni 10 163 taga, nodavlat umumta’lim tashkilotlari soni 449 taga yetdi. 37 ta maktab filiallariga umumiy o‘rta ta’lim maktabi maqomi berildi. 700 ming nafarga yaqin bolalar 1-sinfga qabul qilindi.