TOShKENT, 10-iyun — Sputnik. Vengriya Toshkentda yirik mehmonxona ochish loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda "Dunyo" AA xabar berdi.
O‘zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov Vengriyaning "Matild Palace" mehmonxonasi bosh menejeri Selim Ulmas bilan uchrashdi. Unda Vengriya tomoni mehmonxona biznesida, ayniqsa, turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berdi.
Muzokaralar chog‘ida mehmonxona biznesi uchun davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar atroflicha muhokama qilindi.
“Mehmonxona bosh menejeri O‘zbekiston bilan sheriklik va hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda Toshkent shahrida yirik mehmonxona ochish loyihasini amalga oshirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, 30-iyundan Toshkent-Budapesht-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovlar qayta tiklanadi. Ushbu parvoz O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan vengriyalik ishbilarmonlar uchun ko‘plab imkoniyatlar yaratishi ta’kidlandi.