TOShKENT, 9-iyun — Sputnik. O‘zbekistonlik sportchilar Olga Zabelinskaya uch karra Osiyo chempioni, Yanina Kuskova esa kumush medalni qo‘lga kiritdi, deya xabar berdi Sport vazirligi.
Qozog‘istonning Olma-Ota shahrida velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha kattalar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida ayollar Elita toifasida individual vaqt poygasi bo‘lib o‘tdi.
20 km masofaga kechgan bellashuvda O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi a’zolari Olga Zabelinskaya hamda Yanina Kuskova ishtirok etdi.
“Quvonarlisi, poyga yakuniga ko‘ra, Olga Zabelinskaya oltin, Yanina Kuskova esa kumush medalga ega chiqdi”, — deyiladi xabarda.
Olga Zabelinskaya (O‘zbekiston) - 28:07
Yanina Kuskova (O‘zbekiston) - 29:02
Rinata Sultanova (Qozog‘iston) - 29:28.
Bugungi ishtiroki orqali Olga Zabelinskaya veloshosseda uch karra Osiyo chempioniga aylanib olgan bo‘lsa, Yanina Kuskova ikkinchi bor qit’a birinchiligi sovrindoriga aylandi.
Shu tariqa, delegatsiyaning Osiyo chempionatidagi medallari soni 5 taga yetdi: 1 ta oltin, 4 ta kumush.