O‘shlik tadbirkorlar Andijon viloyati tajribasini o‘rgandi

O‘sh viloyati Qorasuv tumani delegatsiyasining Andijon viloyatiga safari tashkil etildi.
Sputnik
TOShKENT, 9-iyun — Sputnik. O‘sh viloyati delegatsiyasi Andijon viloyatining oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tajribasini o‘rgandi, deya xabar berdi "Dunyo"AA.
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi ko‘magida O‘sh viloyati Qorasuv tumani delegatsiyasining Andijon viloyatiga safari tashkil etildi.
Qorasuv tumani davlat administratsiyasi Ijtimoiy sektori mudiri Kazibek Tajibayev va Mehnat, ijtimoiy ta’minot va migratsiya boshqarmasi boshlig‘i Egenberdi Axmedov boshchiligidagi delegatsiya tarkibiga tumandagi turli sohalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar kiritildi.
"Safar davomida Xonobod shahridagi "Yangi hayot" mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan qo‘ziqorin yetishtirish bo‘yicha oilaviy korxona faoliyati o‘rganildi. Ushbu tajribani O‘sh viloyatining Qorasuv tumanida tadbiq etish bo‘yicha fikr almashildi. Qirg‘iziston tomoni, shuningdek, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi "Khantex Group" tekstil klasteri va Xonobod shahridagi ichimlik suvi ishlab chiqaruvchi "Water life" korxonasi faoliyati bilan tanishdi", — deyiladi xabarda.
Shuningdek, tadbirkorlar Qo‘rg‘ontepa tumanidagi "Sohibqiron" mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib mahalla tizimi, mahalla "yettiligi"ning ishsizlikni kamaytirish, jinoyatchilik profilaktikasi, yolg‘iz va ehtiyojmand oilalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimi bo‘yicha ishlarni o‘rgandi.