TOShKENT, 8-iyun — Sputnik. Rossiya Oq uyning yadro arsenalini oshirish haqidagi bayonotlariga o‘z yadroviy doktrinasiga muvofiq javob qaytaradi, dedi Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova RIA Novosti agentligiga Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi (PXIF) da.
Avvalroq Oq uy o‘z yadro arsenalini oshirish zarurligini ko‘rayotganini bildirgan edi. Bu bayonot Rossiya prezidenti Vladimir Putinning PXIF yalpi majlisidagi nutqi tugaganidan so‘ng darhol ma’lum qilindi.
“Kecha prezident hamma narsani aytdi, yadroviy doktrina bor. Agar uni takomillashtirish zarurati tug‘ilsa, tuzatishlar kiritiladi. Tegishli arsenallar mavjud”, - dedi Zaxarova.
Uning fikriga ko‘ra, AQSh nima haqida va nima uchun aytayotganini tushunmayapti.
“Ammo eng asosiysi, ular qandaydir sabablarga ko‘ra o‘zlarining konseptual narsalarini qurish uchun doimiy ravishda Rossiya bilan bog‘liq so‘zlardan foydalanadilar... Ular har doim qandaydir tarzda Rossiya mavzusidan o‘zlarining ichki muammolarini hal qilish uchun foydalanadilar. Bu qanday ma’noni bildiradi? Bu, mening fikrimcha, ularning ichki nuqsonlaridan darak beradi”, - deya ta’kidladi TIV vakili.
Uning xulosasiga ko‘ra, AQSh rasmiylari bunday narsalarni bir lahzalik siyosiy axborot vaziyatiga asoslanib emas, balki o‘zlarining milliy manfaatlari bilan bog‘liq holda e’lon qilishlari kerak.
Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi 5-8 iyun kunlari bo‘lib o‘tmoqda.