Bu qiziq

Yozda oftob urishidan qanday himoyalanish kerak?

Ta’kidlanishicha, quyosh urishi — eng xavfli holat bo‘lib, u tashqi termal omillar ta’sirida organizmning umumiy qizib ketishi va haroratni meyorda ushlab turish qobiliyatini yo‘qotishi natijasida yuzaga keladi.
Sputnik
TOShKENT, 8-iyun — Sputnik. Bahor faslining yomg‘irli kunlaridan so‘ng O‘zbekistonda issiq yoz mavsumi boshlandi. Ushbu jazirama faslda oftob urishi eng ko‘p uchraydigan holatlardan biri. Shu bois undan saqlanish uchun bir necha tavsiyalarga amal qilish lozim.
“Har bir faslning inson salomatligi uchun ijobiy va salbiy ta’sirlari bor. Xususan, yozda quyosh tig‘ida uzoq vaqt bosh yalang va badanni himoya qilmagan holda qolish — oftob urishiga sabab bo‘ladi”, - deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Doniyor Alimov.
Ta’kidlanishicha, quyosh urishi — eng xavfli holat bo‘lib, u tashqi termal omillar ta’sirida organizmning umumiy qizib ketishi va haroratni meyorda ushlab turish qobiliyatini yo‘qotishi natijasida yuzaga keladi.
Uning asosiy belgilari quyidagilar:
kuchli bosh og‘rig‘i;
terlashning to‘xtashi, teri quruq va qizargan bo‘lishi;
tez va kuchli yurak urishi;
tez-tez nafas olish;
o‘tkir nafas qisishi;
bosh aylanishi;
qusish yoki ko‘ngil aynishi.
Og‘ir holatlarda esa bemorda alahsirash kuzatiladi. Tana harorati, hatto, 41-42 darajagacha ko‘tarilishi, chuqur behushlik holati kuzatilishi mumkin.
Bunday paytda bemorni, eng avvalo, salqin joyga ko‘chirib o‘tkazish lozim. So‘ng gorizontal holda yotqizilib, oyoqlarini sal ko‘tarish, kiyimlarini yechish, yuzini sovuq suvda yuvish va biror ho‘llangan matoni yurak sohasiga qo‘yish kerak. Shuningdek, unga salqin ichimlik yoki qatiq ichirish va zudlik bilan shifokorga murojaat qilish lozim. Sababi, quyosh urgan insonga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish zarur.
Qayd etilishicha, issiqlik urishining oldini olish uchun bir necha tavsiyalarga amal qilish lozim. Xususan, jazirama kunlarda organizm ko‘p suv talab qiladi. Shu bois suvsizlanishning oldini olish uchun kuniga 3 litr miqdorda suyuqlik ichish (sovutilgan ko‘k choy, gazsiz mineral suv, mevali, kam yog‘li sutli ichimliklar) lozim. To‘g‘ri tushadigan quyosh nurlaridan saqlanish, undan himoyalovchi kremlar, ko‘zoynaklar hamda soyabonlardan foydalanish kerak.
Ko‘chaga chiqayotganda ochiq rangli tabiiy matodan tikilgan yengil liboslar va issiqdan saqlaydigan bosh kiyim kiyish zarur. Chunki ular organizmni sovutish va ultrabinafsha nurlardan himoyalashga yordam beradi. Havo harorati yuqori bo‘lganda og‘ir jismoniy ishlarni cheklash va ko‘proq yopiq joylarda bo‘lish maqsadga muvofiq.
Yosh bolalar, keksa kishilar va surunkali xastaliklar (yurak-qon tomir, endokrin, nafas olish a’zolari, metabolik va ruhiy xastaliklar) bilan og‘riydigan bemorlar issiqlik urishiga ko‘proq moyil. Shu sababli ularning salomatligini muntazam kuzatib borish muhim.
Bu qiziq
Yoz chillasida kuniga o‘rtacha 2-3 litr suv ichish lozim - ekspert