O‘zbekiston bolalar saratonini davolashda xalqaro tajribalarni joriy etadi

Ziroat Mirziyoyeva: bolalarning to‘laqonli hayoti uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish burchimiz.
Sputnik
TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda bolalar saratonini davolashda ilg‘or xalqaro va innovatsion tajribalar joriy etiladi. Bu haqda Toshkentda bo‘lib o‘tgan "Dalillarga asoslangan harakat" birinchi Xalqaro kongressida ma’lum qilindi, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.
O‘zbekistonda bolalar onkologiyasi va gematologiyasi bo‘yicha "Dalillarga asoslangan harakat" birinchi Xalqaro kongressi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonda bolalar onkologiyasi va gematologiyasi bo‘yicha "Dalillarga asoslangan harakat" birinchi Xalqaro kongressi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish bo‘yicha davlat dasturlari, xususan, onkologiya kasalligidan erta o‘limni 2,5 barobar kamaytirishga qaratilgan “O‘zbekiston 2030” strategiyasi doirasida o‘tkazildi.
Kongress 300 dan ziyod ishtirokchi, shu jumladan, JSST, Xalqaro bolalar onkologlari jamiyati, Yevropa onkologlar maktabi, xorijiy universitet klinikalari va yetakchi tibbiyot markazlari rahbarlari, xalqaro va milliy ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyati vakillarini to‘pladi.
"Zamin" fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva.
"Bu yerga biz yagona maqsadni ko‘zlab, o‘g‘il-qizlarimizning hayotiga zomin bo‘layotgan eng og‘ir kasalliklardan birini yengish uchun yig‘ildik. Har bir bola yashashga haqlidir. Bolalar kelajakda sog‘lom bo‘lishi, to‘laqonli hayot kechirishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish bizning burchimizdir", — deb ta’kidladi "Zamin" fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva.
Kongressning asosiy maqsadi:
so‘nggi ilm-fan yutuqlari, ilg‘or diagnostika va davolash usullarini muhokama qilish;
xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
tibbiy yordam sifatini oshirish;
psixologik va madaniy jihatlarni hisobga olgan holda bemorlarni o‘qitish va qo‘llab-quvvatlash;
O‘zbekistonda bolalar saratonini davolashda ilg‘or xalqaro va innovatsion tajribalarni joriy etish.

“Kongress Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bolalar saratoniga qarshi kurash bo‘yicha global tashabbusi doirasida O‘zbekiston hukumatining 2030-yilgacha saraton kasalligiga chalingan bolalarning omon qolish darajasini 60 foizga yetkazish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga sodiqligi va tayyorligini tasdiqlaydi. Shuningdek, tadbir O‘zbekistonning pediatriya xizmati tizimini takomillashtirish, jumladan, xavfli, noyob va boshqa irsiy kasalliklarga qarshi kurashish borasidagi yutuqlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ommalashtirishga xizmat qiladi”, — deyiladi SSV xabarida.

Kongress davomida mahalliy mutaxassislar xorijlik hamkasblari bilan birgalikda bolalardagi onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarni davolash bo‘yicha siyosat yo‘nalishlari va samarali choralarni belgilashdi.
O‘zbekistonda bolalar onkologiyasi va gematologiyasi bo‘yicha "Dalillarga asoslangan harakat" birinchi Xalqaro kongressi bo‘lib o‘tdi.
Bolalar onkologik va gematologik kasalliklarini samarali davolashni ta’minlash bo‘yicha Kongressning "Harakatga rag‘batlantirish" jamoaviy deklaratsiyasini e’lon qilish va tarqatish tadbirning natijalaridan biridir.
“Kongress O‘zbekistonda bolalar salomatligini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirishda muhim qadam bo‘ldi va mamlakatning yuqori sifatli tibbiy yordamni tashkil etish, davolash samaradorligini oshirish, davolashning eng yangi usullari va standartlaridan foydalanishni ta’minlash istagini aks ettiradi”, — deya xabar berdi vazirlik.
Ma’lumot uchun, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini 78 yoshga yetkazish, buning uchun tibbiyotga yo‘naltiriladigan mablag‘lar hajmini 2 barobar oshirish, onkologiya, yurak-qon tomir, diabet va nafas yo‘llari kasalliklari bo‘yicha erta o‘limni 2,5 barobar kamaytirish, O‘zbekistonni sil xastaligidan xoli mamlakatga aylantirish ustuvor vazifa etib belgilangan.
O‘zbekiston Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bolalar saratoniga qarshi kurash bo‘yicha global tashabbusi doirasida tanlangan maqsadli o‘nta davlat qatoridan joy olgan.
Asosiy vazifalar — zamonaviy diagnostika usullaridan foydalanishni yaxshilash, saraton va gematologik kasalliklarga chalingan bemorlarni davolash va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, terapiya samaradorligini va bolalarning umumiy farovonligini oshirish. Bundan tashqari, O‘zbekiston bolalar saratonini davolash uchun dori vositalaridan foydalanish global platformasida ishtirok etgan birinchi davlatlardan biri sifatida belgilandi.