TOShKENT, 4-iyun — Sputnik. O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) Hukumat rahbarlari kengashida Samarqand shahrida YeOII ishbilarmonlar kengashining birinchi qo‘shma forumini o‘tkazishni taklif qildi.
O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Belarus Respublikasi Nesvij shahrida YeOII Hukumat rahbarlari Kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi.
O‘zbekiston bosh vaziri Yevroosiyo hukumatlararo kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi.
© Pravitelstvenniy portal respubliki Uzbekistan
Majlisda Abdulla Aripov O‘zbekiston YeOIIda kuzatuvchi sifatidagi davrida a’zo davlatlar bilan ko‘p tomonlama iqtisodiy hamkorlikni jadal rivojlantirayotgani, yangi o‘sish nuqtalarini shakllantirish borasida izchil ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidladi.
"O‘zbekiston savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, elektron tijorat va iqlim masalalari bo‘yicha sohaviy loyiha hamda dasturlarga qo‘shilgani ma’lum qilindi. Hozirgi kunda mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotining raqobatdoshligidan faol foydalanish muhim ahamiyatga ega ekani alohida ta’kidlandi", — deyiladi xabarda.
Yig‘ilishda Aripov quyidagilarni taklif etdi:
YeOII mamlakatlari bilan savdodagi to‘siqlar va cheklovlarni o‘zaro bartaraf etish;
sanitariya, fitosanitariya va veterinariya nazoratining axborot tizimlarini integratsiyalashtirish;
“Shimol-Janub” transport koridorini Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo hamda Yaqin Sharq bozorlari tomon yo‘naltirish;
sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi”ni birgalikda ishlab chiqish;
Samarqand shahrida YeOII ishbilarmonlar kengashining birinchi qo‘shma forumini o‘tkazish.
Shuningdek, “yashil” koridor tizimlarini kengaytirish, qo‘shma agrosanoat klasterlari va logistika markazlarini tashkil etish, “yashil” va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini bartaraf etishda umumiy yondashuvlar va yaqin hamkorlikni ishlab chiqish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Eslatib o‘tamiz, Minsk va Nesvij shaharlarida Yevroosiyo hukumatlararo kengashi, “Belagro – 2024” xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi kuzatuvchi maqomida ishtirok etmoqda.
Dastlab, Minskdagi “Ulug‘ tosh” Xitoy-Belarus sanoat parkida “Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining oziq-ovqat xavfsizligi” yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Yalpi majlisda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov so‘zga chiqdi. Bugun Nesvijda Yevroosiyo hukumatlararo kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.