TOShKENT, 4-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan 6-iyun kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Tashrif doirasida Anqara shahrida ikki davlat rahbarlari raisligida Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Sammit kun tartibidan O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari o‘rin olgan.
Amaliy hamkorlikni kengaytirish, eng avvalo, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat, "yashil" energetika, elektrotexnika, to‘qimachilik, farmatsevtika tarmoqlari, qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlarda, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik dasturi doirasida kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratiladi.
Faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Xalqaro siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashiladi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha qator ikki tomonlama hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari ikki mamlakat yetakchi korxonalari va kompaniyalari rahbarlari bilan birinchi qo‘shma uchrashuvini o‘tkazadilar.