Markirovkalash: tadbirkorlar uchun yangi tartib kuchga kiradi

Markirovkalash uchun zarur bo‘ladigan uskunalar bojxona bojidan ozod qilinadi.
Sputnik
TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda majburiy raqamli markirovkalash jarayonlari jadallashtiriladi. Bu haqda prezident tomonidan qabul qilingan tegishli qarorda nazarda tutilgan.
Qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-sentabrdan mahsulotlarni markirovkani o‘qish qurilmalaridan foydalanmagan holda sotish holatlari soliq organlari bazasi ma’lumotlari asosida aniqlanganda, ushbu tadbirkorlar shaxsiy kabineti orqali holat yuzasidan ogohlantiriladi hamda tegishli choralar ko‘rish amaliyoti joriy etiladi.
Unga ko‘ra:
ikki marta ogohlantirishdan so‘ng qonun buzilishi bir oy ichida qayta takrorlangan taqdirda, tadbirkorlarga nisbatan huquqbuzarlik sodir etilgan chorakdagi faoliyat yuzasidan soliq tekshiruvi tayinlanadi;
qonun buzilishi soliq tekshiruvi yakunlangandan bir oydan keyin qayta takrorlanganda tadbirkorlarni xabardor qilmasdan hamda Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni tekshirish kunida xabardor qilgan holda soliq tekshiruvi tayinlanadi.
Soliq qo‘mitasi har chorakda majburiy raqamli markirovkalanishi lozim bo‘lgan mahsulotlarning chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar orasidan har bir hudud kesimida inson omilisiz avtomatik tarzda kamida 10 foizini tanlab oladi. Ularda nazorat tadbirlarini o‘tkazadi hamda qonun buzilishi holatlari aniqlangan subyektlar faoliyati keyingi uch chorak davomida nazorat qilib boradi.
Markirovkalash uchun zarur bo‘ladigan uskunalar bojxona bojidan ozod qilinadi.

“2027 yil 1-yanvargacha raqamli markirovkalangan mahsulotlar chakana savdosini amalga oshiruvchi tadbirkorlar uchun markirovkani o‘qish qurilmalarini sotib olish bilan bog‘liq xarajatlar summasiga, biroq bitta qurilma uchun BHMning 4 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda, hisoblangan va to‘lanishi lozim bo‘lgan foyda solig‘i yoki aylanmadan olinadigan soliq yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i summalari kamaytirish huquqi beriladi”, — deyiladi hujjat matnida.

Majburiy raqamli markirovkalanishi lozim bo‘lgan mahsulotlarni markirovkalash uchun zarur bo‘lgan va import qilinadigan uskunalar (TIF TN kodlari: 7616 999 009, 9029 900 009, 8544 499 500 va 8528 529 000) 2024-yil 1-iyundan 2027-yil 1-iyungacha bojxona bojidan ozod qilinadi.
2024 yil 1-sentabrdan:
pivo mahsulotlarining chakana savdosi faoliyati vakolatli organlarni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritiladi;
tamaki va pivo mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun BHMning 10 foizi miqdoridagi har oylik yig‘im joriy etiladi.