TOShKENT, 2-iyun — Sputnik. Doha – Toshkent – Doha yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi, deya xabar berdi transport vazirligi.
Qatar va O‘zbekiston munosabatlarida muhim bosqich ikki mamlakat poytaxti o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam havo qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
“Muntazam reysning yo‘lga qo‘yilishi mamlakatlarimiz o‘rtasida sayyohlik almashinuvi o‘sishiga sezilarli hissa qo‘shishi, qolaversa, Fors ko‘rfazi va Markaziy Osiyo o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir”, — deyiladi xabarda.
Dastlabki bosqichda ushbu yo‘nalishda aviakompaniya haftasiga 4-marta dushanba, seshanba, payshanba va shanba kunlari parvozlarni amalga oshiradi.
Keyingi bosqichda esa har kuni reyslar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qatar aviakompaniyasi iyun oyidan Doha-Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi ma’lum qilingandi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar orqali o‘zaro turistlar oqimi va ikki tomonlama savdo hajmlarini ham oshirish ko‘zda tutilmoqda.