Islom Hamkorlik Tashkilotining turizm yo‘nalishi bo‘yicha raisligi O‘zbekistonga berildi

Tashkilotda turizm yo‘nalishi bo‘yicha raislik Ozarbayjondan O‘zbekistonga o‘tganligi e’lon qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 1-iyun — Sputnik. Islom Hamkorlik Tashkilotining turizm yo‘nalishi bo‘yicha raisligi O‘zbekistonga berildi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
31 may kuni Xiva shahrida bo‘lib o‘tayotgan Islom Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlarning turizm vazirlari yig‘ilishida xalqaro tadbirni o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilgan tayyorgarlik ishlari hamda mamlakatda turizmni rivojlantirishda olib borilayotgan islohotlar alohida e’tirof etildi.
Yuqori darajadagi ekspertlar guruhi yig‘ilishida rasmiylar tomonidan Tashkilotda turizm yo‘nalishi bo‘yicha raislik Ozarbayjondan O‘zbekistonga o‘tganligi e’lon qilindi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston raisligi doirasida Tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida turizm hamkorligini, jumladan, yashil va barqaror turizm, smart turizm, turizm logistikasi va boshqa qator yo‘nalishlarda samarali loyihalar va tashabbuslar amalga oshirilishiga ishonch bildirdilar.
Ma’lumot uchun, Xiva shahrida 31-may – 2-iyun kunlari “Xiva – 2024-yilda Islom hamkorlik tashkilotining turizm shahri” xalqaro tadbirlari o‘tkazilmoqda.