“Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot” elektron platformasi ishga tushiriladi

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston respublikasida 2024-yil avgust oyida xalqaro biznes forum tashkil etiladi.
Sputnik
TOShKENT, 31-may — Sputnik. O‘zbekistonda “Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot” elektron platformasi ishga tushiriladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanalida xabar berildi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, quyidagilar tuziladi:
prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish bo‘yicha respublika komissiyasi;
hududlarda tadbirkorlar muammolarini o‘rganish va hal qilish bo‘yicha ishchi guruhlar.
Tadbirkorlar murojaatlari va takliflarini tunu kun qabul qilish va umumlashtirish, tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, tadbirkorlarning alohida masalalarini joylarda tezkorlik bilan hal qilishni tashkil etish respublika komissiyasining asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Har yili 15-iyundan ochiq muloqot o‘tkazilgungacha maxsus elektron platformalar, Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Call-markaz xizmati, ijtimoiy tarmoqlar va sayyor qabullar orqali tadbirkorlarning murojaatlarini tunu kun qabul qilinishi tashkil etiladi.
“Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot” elektron platformasi ishga tushiriladi. Qoraqalpog‘iston respublikasida 2024-yil avgust oyida xalqaro biznes forum tashkil etiladi.
Joriy yil yakuniga qadar O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi elchilari bilan hamkorlikda “Qoraqalpog‘istonda biznes qiling” dasturi doirasida yirik xorijiy ishlab chiqaruvchi kompaniyalar brendlarini jalb qilish choralari ko‘riladi.
Tadbirkorlarga subsidiya, imtiyoz va preferensiyalarni taqdim etish tartibi o‘zgardi