Prezident Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi

Endi ziyoratchilar Bahouddin Naqshband maqbarasiga, sunnatga muvofiq, qibla tarafdan yurib boradi.
Sputnik
TOShKENT, 31-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoroga tashrifini Bahouddin Naqshband maqbarasi ziyoratidan boshladi.
U yerda qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Shundan so‘ng prezident majmuada amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.
Majmuada Toqi miyona darvozasidan boruvchi tarixiy yo‘lak tiklandi. Endi ziyoratchilar Bahouddin Naqshband maqbarasiga, sunnatga muvofiq, qibla tarafdan yurib boradi. Darvozaning ikki yoni boqqa aylantirilgan. Muzey va tahoratxona barpo etilgan. Yo‘qolib borayotgan Doniyolbiy madrasasi tiklanmoqda.

"Yuz yil vayron bo‘lib yotgan bu darvozani tiklaganimiz - o‘zlikni anglash, tarixga hurmatimiz ifodasi. Endi bu yerdagi har bir obidaga, xonlar dahmalariga bitiklar yozib qo‘yish kerak. Ziyoratga kelganlar qadamma-qadam tarixni o‘rganib, ma’naviy ruh olib o‘tsin", - dedi Shavkat Mirziyoyev.


Olimlar bilan suhbatda Bahouddin Naqshband merosini chuqur o‘rganish haqida fikr almashildi. Chet davlatlardan manbalarni olib kelish, ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash, muzeyni Imom Buxoriy majmuasidagidek mazmunan boyitish zarurligi ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev ziyoratchilar, jumladan, xorijiy turistlar uchun qulayliklarni kengaytirish, qishga ham, yozga ham mos sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.