TOShKENT, 31-may - Sputnik. AQSh Ukrainaning Xarkov viloyatiga tutash Rossiya hududiga zarba berish uchun Amerika qurollaridan foydalanishga ruxsat beradi, deb xabar qilmoqda Wall Street Journal Oq Uy rasmiylarga tayanib.
"AQSh ukrainaliklarga Xarkov viloyatida foydalanishga ruxsat beradigan qurollarga GMLRS, HIMARS mobil reaktiv tizimlari va artilleriya kiradi", - deyiladi maqolada.
Bir kun avval Davlat departamenti vakili RIA Novostiga AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga Xarkovga tahdid soluvchi Rossiya hududidagi nishonlarga qarshi kurashda Amerika qurollaridan foydalanishga ruxsat berganini aytgan edi. Biroq AQSh prezidenti Rossiya hududiga zarba berishda ATASMS va boshqa uzoq masofali operativ-taktik raketalaridan foydalanishga taqiqni o‘z kuchida qoldirgan edi.
Keyinchalik Germaniya hukumati matbuot kotibi Shteffen Xebestreyt Berlin va uning ittifoqchilari Ukraina Qurolli kuchlari Xarkov viloyatida rus armiyasining olg‘a siljishiga qarshi kurashda G‘arb qurollaridan foydalanishi mumkinligini tasdiqlagan edi. Aniqlik kiritilishicha, bunday maqsadlarda Germaniyaning Panzerhaubitze 2000 va MARS-II reaktiv tizimidan foydalanish mumkin.
NATOning aksariyat a’zolari Ukrainaga yetkazib berilgan qurollardan faqat Ukriana hududida foydalanish tarafdori.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘arb yetakchilarini — agar ular Rossiya ichki hududidga zarba berishga qaror qilsa buning oqibatlari o‘ta jiddiy bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.
Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousov bugun Olma-otada bo‘lib o‘tayotgan KXShT davlatlari mudofaa vazirlari yig‘ilishida 2 kun avval Qrim ko‘prigiga yoppasiga 10ta ATASMS raketalari bilan zarba berilganini va Rossiya qurolli kuchlari ularning barchasini qaytarganini ma’lum qildi.