Banklar faqat kredit ajratuvchi markaz emas — Mirziyoyev biznesga oid taqdimot bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev “Asakabank” va Biznesni rivojlantirish bankining taqdimoti bilan tanishdi.
Sputnik
TOShKENT, 30-may — Sputnik. Banklar faqat kredit ajratadigan markaz emas, balki o‘zi istiqbolli loyihalarni amalga oshiradigan va ularni tayyor biznes sifatida tadbirkorlarga taqdim etadigan zamonaviy investitsiya-tijorat tuzilmasiga aylanishi kerak. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan taqdimotda so‘z bordi.
Mirziyoyev “Asakabank” va Biznesni rivojlantirish bankining investitsiya faoliyati hamda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga oid taqdimoti bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, “Asakabank” bu yil loyihalarga 2,1 milliard dollar jalb qilib, ularni to‘liq o‘zlashtirishni maqsad qilgan. Bundan tashqari, farmatsevtika va avtomobil sanoatida jami 3 milliard dollarlik loyihalar shakllantirilgan.
Banklarning investitsiyalar va biznesni qo‘llab-quvvatlash borasidagi faoliyati ko‘rib chiqildi
Shuningdek, bank ishtirokida 285 ming aholining biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali ularning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish mo‘ljallangan.
Biznesni rivojlantirish bankining taqdimotiga ko‘ra, 2024-yilda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari va investitsiya loyihalariga jami 1,5 milliard dollar jalb qilinadi. Shundan 225 million dollari xalqaro moliya institutlaridan olib kelinadi. Ushbu mablag‘larni o‘zlashtirish orqali yil yakunigacha jami 47 mingdan ortiq mikroloyihalar amalga oshiriladi.
Shuningdek, aholining biznes g‘oyalarini moliyalashtirish orqali 380 mingta o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bankning o‘qitish dasturlari bilan 70 mingdan ortiq aholini qamrab olish belgilangan.
Davlatning faol tashqi siyosati natijasida hamkor mamlakatlar va xalqaro tuzilmalar bilan ko‘plab kelishuvlarga erishilgan. Jumladan, “Asakabank” ishtirokida 772 million dollarlik 87 ta, Biznesni rivojlantirish banki tomonidan 485 million dollarlik 45 ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi.
Banklarning investitsiyalar va biznesni qo‘llab-quvvatlash borasidagi faoliyati ko‘rib chiqildi
“Banklar o‘z ishini yangicha tashkil qilib, faqat kredit ajratadigan markaz emas, balki o‘zi istiqbolli loyihalarni amalga oshiradigan va ularni tayyor biznes sifatida tadbirkorlarga taqdim etadigan zamonaviy investitsiya-tijorat tuzilmasiga aylanishi maqsadga muvofiqligi qayd etildi”, — deyiladi xabarda.
O‘zbekistonda yillik kredit ajratish hajmi 1,8 barobarga ko‘paydi
Davlat rahbari banklar barcha mijozlari bilan manzilli ishlashi kerakligini qayd etdi. Bunda loyihaning har bir bosqichida ko‘maklashish zarur. Natijasi yangi ish o‘rinlari yaratilishi va mahallalarda kambag‘allikning qisqarishida o‘z ifodasini topishi kerakligini ta’kidladi.
O‘zbekistonda investitsion muhitni yaxshilash uchun nima qilinmoqda — Shavkat Mirziyoyev