TOShKENT, 29-may — Sputnik. Rossiya, Qirg‘iziston va Qozog‘iston sog‘liqni saqlash loyihasini ishlab chiqmoqda. Bu haqda Sputnik Qirg‘iziston matbuot markazida bo‘lib o‘tgan “YeOII davlatlarining raqamli loyihalari” videoko‘prikda Evrosiyo taraqqiyot banki raqamli tashabbuslar direksiyasi direktori Aleksandr Petrov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ular ikki yil ichida "Attilan" xalqaro reabilitatsiya platformasini ishga tushirmoqchi.
“Loyiha oson emas, u bemorlar, jumladan, nogironlar uchun ekotizim yaratishga qaratilgan. U uch davlat – Rossiya, Qirg‘iziston va Qozog‘iston ishtirokida ishga tushiriladi”, – deydi Petrov.
Loyiha bemorga qulay va yaqin tibbiy yordamga o‘tishga yordam beradi. Ushbu platforma tufayli bemorlar murakkab protezlar yoki nogironlar aravachalarini topishlari mumkin bo‘ladi.
Loyihada xayriya fondlari, shifokorlar va reabilitatsiya markazlari ishtirok etadi.
“Platformani ikki yil ichida ishga tushirish rejalashtirilgan. Umid qilamizki, loyiha YeOII chegarasidan tashqariga chiqadi”, — deya qo‘shimcha qildi Petrov.