TOShKENT, 26-may — Sputnik. O‘zbekiston tadbirkorlarga subsidiya, imtiyoz va preferensiyalarni taqdim etish tartiblarini takomillashtirmoqda. Bu haqda prezident tomonidan qabul qilingan tegishli qarorda nazarda tutilgan.
Prezident “Tadbirkorlik subyektlariga subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalarni taqdim etish tartiblarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, yuridik shaxs tashkil etgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga subsidiyalar, soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar (qo‘llab-quvvatlash choralari) ularning reyting darajasidan kelib chiqqan holda joriy etiladi.
Qo‘llab-quvvatlash choralari “V” va undan yuqori reyting darajasiga ega tadbirkorlarga amaldagisiga nisbatan quyidagi miqdorlarda taqdim etiladi:
“AAA” toifa – amaldagi miqdorning 100 foizi;
“AA” toifa – amaldagi miqdorning 90 foizi;
“A” toifa – amaldagi miqdorning 80 foizi;
“VVV” toifa – amaldagi miqdorning 70 foizi;
“VV” toifa – amaldagi miqdorning 60 foizi;
“V” toifa – amaldagi miqdorning 50 foizi.
Qo‘llab-quvvatlash choralari ro‘yxatdan o‘tganiga 6 oy bo‘lmagan, shuningdek, prezidentning tegishli farmoniga muvofiq 4 va 5-toifadagi tumanlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga ularning reyting darajasidan qat’i nazar amaldagi miqdorlarda taqdim etiladi.
Tadbirkorlarning reyting darajasi:
pasaygan taqdirda, qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etish 3 oy davomida saqlab qolinadi;
yuqorilagan taqdirda, qo‘llab-quvvatlash choralari keyingi oydan boshlab yangilangan reyting darajasiga muvofiq miqdorlarda taqdim etiladi.
2025 yil 1-yanvardan “subsidiya.mf.uz” platformasida tadbirkorlarga taqdim etiladigan qo‘llab-quvvatlash choralarining turlari, muddatlari va tartibini o‘z ichiga olgan alohida reyestr yuritiladi.