TOShKENT, 24-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Rossiya prezidenti Vladimir Putin 26–27 may kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi.
Tashrif dasturi kun tartibida quyidagi tadbirlar o‘rin olgan:
O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari bo‘yicha oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazish.
Muzokaralarda, amaliy hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, iqtisodiy kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, madaniy-gumanitar almashuvni davom ettirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Sammit yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlar to‘plamini qabul qilish rejalashtirilgan.
Prezidentlar O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etadilar.
Undan tashqari, Rossiya prezidenti tashrifi arafasida Toshkent shahrida bir qator qo‘shma tadbirlar – yetakchi muhandislik-texnika oliy o‘quv yurtlari rektorlarining uchrashuvi, tibbiyot ilmiy-amaliy konferensiyasi va Rus san’ati haftaligi bo‘lib o‘tmoqda.