Krokusdagi teraktga aloqadorlarning hech biri jazodan qutula olmaydi — FSB rahbari

Ukraina razvedkasi Krokusdagi teraktga bevosita aloqador ekanini hozirdanoq aytish mumkin, dedi Bortnikov.
Sputnik
TOShKENT, 24-may – Sputnik. Krokus Siti Xolldagi teraktga aloqador 20 dan ortiq kishi hibsga olindi, dedi FSB direktori Aleksandr Bortnikov Bishkekda bo‘lib o‘tgan MDH xavfsizlik va maxsus xizmatlari rahbarlari yig‘ilishida.
“Biz hozirda jinoyatga aloqador bo‘lganlarning to‘liq doirasini aniqlayapmiz, 20 dan ortiq shaxslar, jumladan, bevosita jinoyatchilar va sheriklar qo‘lga olindi”, dedi u.
To‘rt nafar terrorchidan ikki nafari hujumdan biroz oldin Turkiyadan kelgan. Hibsga olinganlardan biri u yerdan 4-mart kuni kelganini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, odamlarni o‘ldirish uchun unga yarim million rubl taklif qilingan. Yana bir ayblanuvchi Faridun Shamsiddin 23-fevral kuni Istanbulda bo‘lgan va u yerda suratga tushib ularni instagramga joylashtirgan.
Tekshiruv natijasida ma’lum bo‘lishicha, terrorchilarni tayyorlash, moliyalashtirish, hujum qilish va olib chiqib ketish Afg‘oniston-Pokiston hududidan “Viloyat Xuroson” guruhi jangarilari tomonidan internet orqali muvofiqlashtirilgan.
“Hujum yakunida terrorchilar Ukraina chegarasi tomonga harakatlanish uchun aniq buyruq oldilar, chunki u yerda ular uchun chegaradan o‘tishga "tuynuk" tayyorlab qo‘yilgan edi”, dedi u.
FSB direktorining ta’kidlashicha, Ukraina harbiy razvedkasi teraktga bevosita aloqadorligini ishonch bilan aytish mumkin.
Uning fikricha, teraktga buyurtma berganlarning maqsadlaridan biri diniy va milliy omillardan foydalangan holda MDH davlatlari orasida o‘zaro munosabatlariga putur yetkazish edi.
“Bizning geosiyosiy raqiblarimiz xalqlarimizning uzoq muddatli yonma-yon yashashi davomida shakllangan yagona millatlararo va dinlararo muvozanatni buzishni kutishmoqda”, dedi Bortnikov.

"Ishonchim komilki, ushbu jinoyatning barcha tafsilotlari aniqlanadi va unga aloqador bo‘lganlarning hech biri jazodan qochib qutula olmaydi", - deya xulosa qildi FSB rahbari.

* Meta (Feysebook va Instagram) Rossiyada taqiqlangan