TOShKENT, 23-may — Sputnik. Buxoro va Derbent shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim imzolandi, deya xabar berdi yuqori palata matbuot xizmati.
Buxoroda Oliy Majlis Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashining hamkorligi bo‘yicha komissiyasining 9-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda parlamentlararo va hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish holati hamda istiqbollari muhokama qilindi.
"Muzokaralar davomida qonun ijodkorligi jarayonini raqamlashtirish va iqtisodiyotni raqamli o‘zgartirish tajribasini o‘rganish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari bo‘yicha fikr almashildi. Komissiya a’zolari tomonidan savdo-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish hamda parlament diplomatiyasi mexanizmlaridan faol foydalanish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi", — deyiladi xabarda.
Muhokama jarayonida bildirilgan takliflar va parlament diplomatiyasi mexanizmlarini hisobga olgan holda Parlamentlararo komissiyaning “yo‘l xaritasi”ni yangilash to‘g‘risida kelishib olindi.
“Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Buxoro shahri va Rossiya Federatsiyasi Dog‘iston Respublikasining Derbent shahri o‘rtasida birodarlik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida Bitim imzolandi”, — deyiladi xabarda.
Yig‘ilishda, shuningdek, ikki mamlakat jamoat va diniy tashkilotlari hamkorligini mustahkamlashda parlament yuqori palatalarining o‘rni, mehnat migratsiyasi, ta’lim sohalari ham ko‘rib chiqildi.