TOShKENT, 20-may — Sputnik. Eron Islom Respublikasi prezidenti Ibrohim Raisiy bo‘lgan vertolotning favqulodda qo‘ndirilishi to‘g‘risidagi xabarni chuqur tashvish bilan qabul qildik, deya ma’lum qildi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston vertolot yo‘lovchilari, jumladan, Eronning yuqori martabali vakillari taqdiri haqidagi ma’lumotlarni diqqat bilan kuzatib bormoqda.
“Barcha yo‘lovchilar tez orada sog‘-salomat topilishiga umid qilamiz. O‘zbekiston tomoni zarurat bo‘lishi bilan Eronlik do‘stlarimizga barcha yordam ko‘rsatilishiga to‘liq tayyorligini bildiradi”, — deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, kecha Eron prezidenti bo‘lgan vertolot halokatga uchradi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyatidagi Verzegan viloyatiga qattiq qo‘ngan. Favqulodda holat o‘rmonlar ichida joylashgan Uzi qishlog‘i hududida sodir bo‘lgan. Qidiruv operatsiyasiga 40 ta tezkor guruh jalb etilgan, qidiruv ishlari qalin tuman tufayli murakkablashgan. Bugun qutqaruvchilar uzoq urinishlardan so‘ng vertolot qulagan joyga yetib bordi.
Qayd etilishicha, prezident vertoloti butunlay yonib ketgan holda topildi. Eron Qizil yarim oy jamiyati rahbariga ko‘ra, prezident vertolotidagi barcha yo‘lovchilar halok bo‘ldi. "Tasnim" agentligi xabar berishicha, prezident kortejida uchta vertolot bo‘lgan. Halokat bortida respublika tashqi ishlar vazirligi rahbari Husayn Amir Abdullohiyan va Sharqiy Ozarbayjon gubernatori Malik Raxmati ham bo‘lgan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin topshirig‘iga ko‘ra, Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutaxassislari qidiruv-qutqaruv operatsiyasi uchun Eronga yuborildi.