TOShKENT, 20-may — Sputnik. Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) TIV rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etadi. Bu haqda vazirning matbuot kotibi Ahror Burxanov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
“Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya 20-21 may kunlari Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bo‘ladi. Tashrif davomida ShHT TIV rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish va ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan”, — deb yozadi Burxanov.
Ostonada vazirlar “kengashning hozirgi holati va keyingi rivojlanish istiqbollari, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qilishlari kutilmoqda. Shuningdek, 3-4 iyul kunlari Ostonada bo‘lib o‘tadigan ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashiga tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratiladi.
Avvalroq Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov kengash yig‘ilishida ishtirok etishini ma’lum qilgandi.
Ma’lumot uchun, Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) 2001-yilda tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir. Unga Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Pokiston va O‘zbekiston kiradi. Kuzatuvchi davlatlar – Afg‘oniston, Belarus va Mo‘g‘uliston, hamkor davlatlar – Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, BAA, Turkiya va Shri-Lanka.
2023 yil iyul oyida Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida Eron tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘ldi. U yerda Belarus tashkilotga a’zo davlat maqomini olish uchun majburiyatlar to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi. Shu yilning iyul oyida bo‘lib o‘tadigan sammitda Belarus ShHTning to‘laqonli a’zosiga aylanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 4-5 may kunlari Hindistonning Goa shtatida ShHT tashqi ishlar vazirining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Unda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, izchil taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlash, hamkorlikni kengaytirish va boshqa ko‘plab masalalarni qamrab olgan ShHTning keng ko‘lamli kun tartibi ko‘rib chiqilgan.