TOShKENT, 19-may — Sputnik. Rossiyaning Leningrad viloyati tadbirkorlari o‘zbekistonlik ishbilarmonlar bilan hamkorlik qilmoqchi, deya xabar berdi "Dunyo" AA.
O‘zbekiston bosh konsuli Abdurahmon Mahmudov Leningrad viloyati tadbirkorlari bilan uchrashdi. Suhbatda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari, muammolar va salohiyatli biznes sheriklarning takliflari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonning investitsion jozibadorligi va investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi. Unda O‘zbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning afzalligi, qulay hududiy joylashuv, Markaziy Osiyo davlatlari bozorlariga chiqish imkoniyatlari ta’kidlandi.
Bosh konsulxona xodimlari, shuningdek, Surxondaryo viloyatida tashkil etilgan "Termiz Cargo Center" xalqaro logistika terminali haqida ma’lumot berishdi.
O‘zbekiston bosh konsuli Abdurahmon Mahmudov Leningrad viloyati tadbirkorlari bilan uchrashdi.
© IA "Dunyo"
"Muhokama uchun ko‘tarilgan yana bir dolzarb masala Toshkentda Leningrad mahsulotlarini namoyish etish va mahalliy tadbirkorlardan hamkorlar izlash uchun ko‘rgazma zalini ochish bo‘ldi. Shu munosabat bilan Leningrad viloyati sanoatni rivojlantirish markazi bosh direktori Vera Shtokaylo diplomatlardan O‘zbekiston poytaxtida tegishli bino tanlashda yordam berishni so‘radi", — deyiladi xabarda.
Muzokaralar yakunida O‘zbekistonga Leningrad viloyati ishbilarmonlar missiyasini yuborish masalasini ishlab chiqish va boshqa qator iqtisodiy sheriklik masalalari bo‘yicha muloqotni davom ettirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.